ʻ va ʼ belgilari — Ipak

> Oʻ, Gʻ dagi ʻ va tutuq belgisi ʼ: farqi, qachon qaysi biri yoziladi, rasmiy qoidalar.

[Oʻzbekcha](https://ipak.xronocode.com/guide/index.md) · [English](https://ipak.xronocode.com/en/guide/index.md) · [Русский](https://ipak.xronocode.com/ru/guide/index.md) · [Español](https://ipak.xronocode.com/es/guide/index.md) · [Português](https://ipak.xronocode.com/pt/guide/index.md) · [中文](https://ipak.xronocode.com/zh/guide/index.md)

Qoʻllanma

# ʻ va ʼ: farqi va qachon qaysi biri

ʻ — Oʻ va Gʻ harflarining bir qismi. ʼ — oʻzlashma soʻzlardagi alohida belgi, tutuq. Ular apostrof ham, tirnoq ham emas.

## Bir qarashda

ʻ · U+02BB

Oʻzbek Gʻalla

Harfning bir qismi: faqat Oʻ va Gʻ da, harfga yopishib turadi.

O'zbek · O`zbek · O‘zbek

ʼ · U+02BC

maʼno sanʼat

Alohida belgi — tutuq: unlidan keyin unlini choʻzadi, undosh bilan unli orasida ularni ajratadi.

ma'no · ma`no · ma’no

Apostrof va tirnoqlar koʻrinishi oʻxshash, lekin ular tinish belgilari: qidiruv va imlo tekshiruvi soʻzni ular boʻyicha boʻlib yuborishi mumkin.

## Qaysi biri qachon

| Soʻz | Belgi | Nega | Qoida bandi |
| --- | --- | --- | --- |
| **oʻzbek** | ʻ | Oʻ harfi | 5 |
| **gʻalla** | ʻ | Gʻ harfi | 28 |
| **qoʻngʻiroq** | ʻ ʻ | Oʻ va Gʻ harflari, tutuq yoʻq | 5, 28 |
| **eʼlon, sheʼr, maʼno** | ʼ | unlidan keyin: unli choʻziq | 32.1 |
| **sanʼat, masʼul, jurʼat** | ʼ | undosh va unli orasida: unli ajratib aytiladi | 32.2 |
| **Isʼhoq** | ʼ | s va h — ikki tovush | 17 |
| **moʻjiza** | faqat ʻ | tutuq qoʻyilmaydi | 32.1 |
| **vaʼ-da** | ʼ | koʻchirishda ʼ birinchi qatorda qoladi | 75 |

Eslab qolish oson: «oʻ» yoki «gʻ» tovushi boʻlsa — ʻ, harfga yopishgan. Arabcha yoki forscha oʻzlashma soʻzda choʻziq unli yoki unlidan oldin «uzilish» boʻlsa — ʼ.

## Rasmiy qoidalar

1995-yilgi qoidalarning 5 bandi va tarjimasi

Asosiy imlo qoidalari Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 24-avgustdagi 339-son qarori bilan tasdiqlangan. Quyida bu belgilarga tegishli bandlar soʻzma-soʻz keltirilgan. [lex.uz](https://lex.uz/docs/-1625271)

5

### Oʻ harfi

Oʻ oʻ harfi oʻt, oʻq, oʻzbek, oʻsimlik, doʻppi, boʻtakoʻz, semizoʻt, gulkoʻrpa, nooʻrin kabi soʻzlarda orqa qator oʻrta-keng unlini ifodalash uchun yoziladi.

28

### Gʻ harfi

Gʻ gʻ harfi gʻoz, bagʻir, togʻ kabi soʻzlarda chuqur til orqa jarangli sirgʻaluvchi undoshni ifodalash uchun yoziladi.

32

### Tutuq belgisi

ʼ — tutuq belgisi: 1) aʼlo, baʼzan, maʼyus, taʼzim; raʼy, taʼb; eʼlon, eʼtibor, eʼtiqod, meʼmor, neʼmat, sheʼr, feʼl; Nuʼmon, shuʼla kabi oʻzlashma soʻzlarda unlidan keyin shu unli tovushning choʻziqroq aytilishini ifodalash uchun qoʻyiladi; moʻjiza, moʻtadil, moʻtabar kabi soʻzlarda oʻ unlisi choʻziqroq aytilsa ham, tutuq belgisi qoʻyilmaydi; 2) inʼom, sanʼat, qatʼiy, masʼul kabi oʻzlashma soʻzlarda unlidan oldin shu unli oldingi undosh tovushdan ajratib aytilishini ifodalash uchun qoʻyiladi.

17

### s va h orasida

Sh harflari ikki tovushni ifodalasa, ular orasiga ʼ tutuq belgisi qoʻyiladi: Isʼhoq, asʼhob kabi.

75

### Koʻchirish

Tutuq belgisi oldingi boʻgʻinda qoldiriladi: vaʼ-da, maʼ-rifat, mashʼ-al, inʼ-om kabi.

Qoidalarda ʻ belgisining alohida bandi yoʻq: u faqat Oʻ va Gʻ harflari tarkibida tilga olinadi. Belgining shakli ham qoidalarda belgilanmagan.

## Koʻp uchraydigan xatolar

| Xato | Notoʻgʻri | Toʻgʻri |
| --- | --- | --- |
| Toʻgʻri apostrof yoki teskari urgʻu belgisi | O'zbekiston, O`zbekiston, ma'lumot, E`lon | Oʻzbekiston, maʼlumot, eʼlon |
| Belgilar almashtirilgan | Oʼzbekiston, ma‘qulladi | Oʻzbekiston, maʼqulladi |
| Kirill O harfi bilan | Оʻzbek (О — kirill) | Oʻzbek |
| Tutuq tushib qolgan yoki ortiqcha | mano, sanat, sher, moʻʼjiza | maʼno, sanʼat, sheʼr, moʻjiza |
| Belgi harfdan ajralgan | o ʻzbek, va-ʼda | oʻzbek, vaʼ-da |

Rasmiy saytlarda ham belgilar aralash: bitta sahifada beshtagacha variant uchraydi. Koʻpincha Oʻ va Gʻ uchun ‘ (U+2018), tutuq uchun ’ (U+2019) qoʻyiladi. Koʻrinishi oʻxshaydi, lekin bu tinish belgilari: qidiruv va imlo tekshiruvi soʻzni buzishi mumkin.

## Qanday terish mumkin

| Qayerda | Qanday terish |
| --- | --- |
| Word (Windows) | 02BB yozib, Alt+X bosing; tutuq uchun 02BC va Alt+X. Windows da oʻzbek lotin klaviaturasi oʻrnatilmagan. |
| Windows | Belgilar jadvali (Character Map) yoki shu sahifadagi «nusxalash» tugmasi. |
| macOS | Unicode Hex Input kirish manbasi: Option tugmasini bosib turib 02BB yoki 02BC yozing. macOS da oʻzbek lotin klaviaturasi yoʻq. |
| HTML | &#x2BB; · &#x2BC; |
| Ipak shriftlari | Klaviaturadagi ' yoki ‘ ni oʻzbekcha matnda oʻzi ʻ yoki ʼ qilib koʻrsatadi (pastda). |

## 2026-yilgi qonun

2026-yilgi qonun Oʻ va Gʻ oʻrniga Ö va Ğ harflarini kiritadi (shuningdek Sh → Ş, Ch → Ç). Shunda ʻ belgisi harflardan chiqadi, tutuq ʼ esa qoladi: alifbo «28 ta harf va bitta apostrof»dan iborat boʻladi.

Senat qonunni 2026-yil 10-sentabrda maʼqulladi. U Prezident imzolagani va rasman eʼlon qilinganidan keyin kuchga kiradi. Shu paytgacha Oʻ va Gʻ ʻ belgisi bilan yoziladi.

## Ipak shriftlarida

Ipak shriftlarida ikkala belgi ham chizilgan va ular bir-biridan shakli bilan farq qiladi: ʻ — pastda ogʻir, ʼ — tepada ogʻir. ʻ oʻz harfiga yaqin turadi, keyingi harf esa oddiy oraliqda: belgi Oʻ va Gʻning bir qismi boʻlib oʻqiladi.

Klaviaturada ' yoki ‘ terilsa, Ipak shriftlari matn oʻzbekcha deb belgilanganda ularni ʻ yoki ʼ qilib koʻrsatadi. Matnning oʻzida terilgan belgi qoladi, shuning uchun hujjat va saytlarda U+02BB va U+02BC ni terish ishonchliroq.

## Manbalar

Oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalari (VM 339-son qarori, 24.08.1995): [lex.uz/docs/-1625271](https://lex.uz/docs/-1625271) · [kirill](https://lex.uz/docs/1625271)

Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisida qonun (1993, 1995-yil tahriri): [lex.uz/docs/-112286](https://lex.uz/docs/-112286)

2026-yilgi qonun: Senat, 10.09.2026: [kun.uz](https://kun.uz/news/2026/09/10/senat-alifboda-tortta-harfni-ozgartirishni-maqulladi) · [gazeta.uz](https://www.gazeta.uz/oz/2026/09/10/uzb-alphabet/)

Unicode NamesList (U+02BB, U+02BC): [unicode.org](https://www.unicode.org/Public/UCD/latest/ucd/NamesList.txt) · CLDR uz: [github.com/unicode-org/cldr](https://github.com/unicode-org/cldr/blob/main/common/main/uz.xml)

Microsoft: [Unicode belgilarini kiritish](https://support.microsoft.com/en-us/office/insert-ascii-or-unicode-latin-based-symbols-and-characters-d13f58d3-7bcb-44a7-a4d5-972ee12e50e0)

---
Sahifa: https://ipak.xronocode.com/guide/ · SIL Open Font License 1.1 · avenex@xronocode.com
