Qoʻllanma
ʻ va ʼ: farqi va qachon qaysi biri
ʻ — Oʻ va Gʻ harflarining bir qismi. ʼ — oʻzlashma soʻzlardagi alohida belgi, tutuq. Ular apostrof ham, tirnoq ham emas.
Bir qarashda
ʻ · U+02BB
Oʻzbek
Gʻalla
Harfning bir qismi: faqat Oʻ va Gʻ da, harfga yopishib turadi.
O'zbek · O`zbek · O‘zbek
ʼ · U+02BC
maʼno
sanʼat
Alohida belgi — tutuq: unlidan keyin unlini choʻzadi, undosh bilan unli orasida ularni ajratadi.
ma'no · ma`no · ma’no
Apostrof va tirnoqlar koʻrinishi oʻxshash, lekin ular tinish belgilari: qidiruv va imlo tekshiruvi soʻzni ular boʻyicha boʻlib yuborishi mumkin.
Qaysi biri qachon
| Soʻz | Belgi | Nega | Qoida bandi |
|---|---|---|---|
| oʻzbek | ʻ | Oʻ harfi | 5 |
| gʻalla | ʻ | Gʻ harfi | 28 |
| qoʻngʻiroq | ʻ ʻ | Oʻ va Gʻ harflari, tutuq yoʻq | 5, 28 |
| eʼlon, sheʼr, maʼno | ʼ | unlidan keyin: unli choʻziq | 32.1 |
| sanʼat, masʼul, jurʼat | ʼ | undosh va unli orasida: unli ajratib aytiladi | 32.2 |
| Isʼhoq | ʼ | s va h — ikki tovush | 17 |
| moʻjiza | faqat ʻ | tutuq qoʻyilmaydi | 32.1 |
| vaʼ-da | ʼ | koʻchirishda ʼ birinchi qatorda qoladi | 75 |
Eslab qolish oson: «oʻ» yoki «gʻ» tovushi boʻlsa — ʻ, harfga yopishgan. Arabcha yoki forscha oʻzlashma soʻzda choʻziq unli yoki unlidan oldin «uzilish» boʻlsa — ʼ.
Rasmiy qoidalar
1995-yilgi qoidalarning 5 bandi va tarjimasi
Asosiy imlo qoidalari Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 24-avgustdagi 339-son qarori bilan tasdiqlangan. Quyida bu belgilarga tegishli bandlar soʻzma-soʻz keltirilgan. lex.uz
Oʻ harfi
Oʻ oʻ harfi oʻt, oʻq, oʻzbek, oʻsimlik, doʻppi, boʻtakoʻz, semizoʻt, gulkoʻrpa, nooʻrin kabi soʻzlarda orqa qator oʻrta-keng unlini ifodalash uchun yoziladi.Gʻ harfi
Gʻ gʻ harfi gʻoz, bagʻir, togʻ kabi soʻzlarda chuqur til orqa jarangli sirgʻaluvchi undoshni ifodalash uchun yoziladi.Tutuq belgisi
ʼ — tutuq belgisi: 1) aʼlo, baʼzan, maʼyus, taʼzim; raʼy, taʼb; eʼlon, eʼtibor, eʼtiqod, meʼmor, neʼmat, sheʼr, feʼl; Nuʼmon, shuʼla kabi oʻzlashma soʻzlarda unlidan keyin shu unli tovushning choʻziqroq aytilishini ifodalash uchun qoʻyiladi; moʻjiza, moʻtadil, moʻtabar kabi soʻzlarda oʻ unlisi choʻziqroq aytilsa ham, tutuq belgisi qoʻyilmaydi; 2) inʼom, sanʼat, qatʼiy, masʼul kabi oʻzlashma soʻzlarda unlidan oldin shu unli oldingi undosh tovushdan ajratib aytilishini ifodalash uchun qoʻyiladi.s va h orasida
Sh harflari ikki tovushni ifodalasa, ular orasiga ʼ tutuq belgisi qoʻyiladi: Isʼhoq, asʼhob kabi.Koʻchirish
Tutuq belgisi oldingi boʻgʻinda qoldiriladi: vaʼ-da, maʼ-rifat, mashʼ-al, inʼ-om kabi.Qoidalarda ʻ belgisining alohida bandi yoʻq: u faqat Oʻ va Gʻ harflari tarkibida tilga olinadi. Belgining shakli ham qoidalarda belgilanmagan.
Koʻp uchraydigan xatolar
| Xato | Notoʻgʻri | Toʻgʻri |
|---|---|---|
| Toʻgʻri apostrof yoki teskari urgʻu belgisi | O'zbekiston, O`zbekiston, ma'lumot, E`lon | Oʻzbekiston, maʼlumot, eʼlon |
| Belgilar almashtirilgan | Oʼzbekiston, ma‘qulladi | Oʻzbekiston, maʼqulladi |
| Kirill O harfi bilan | Оʻzbek (О — kirill) | Oʻzbek |
| Tutuq tushib qolgan yoki ortiqcha | mano, sanat, sher, moʻʼjiza | maʼno, sanʼat, sheʼr, moʻjiza |
| Belgi harfdan ajralgan | o ʻzbek, va-ʼda | oʻzbek, vaʼ-da |
Rasmiy saytlarda ham belgilar aralash: bitta sahifada beshtagacha variant uchraydi. Koʻpincha Oʻ va Gʻ uchun ‘ (U+2018), tutuq uchun ’ (U+2019) qoʻyiladi. Koʻrinishi oʻxshaydi, lekin bu tinish belgilari: qidiruv va imlo tekshiruvi soʻzni buzishi mumkin.
Qanday terish mumkin
| Qayerda | Qanday terish |
|---|---|
| Word (Windows) | 02BB yozib, Alt+X bosing; tutuq uchun 02BC va Alt+X. Windows da oʻzbek lotin klaviaturasi oʻrnatilmagan. |
| Windows | Belgilar jadvali (Character Map) yoki shu sahifadagi «nusxalash» tugmasi. |
| macOS | Unicode Hex Input kirish manbasi: Option tugmasini bosib turib 02BB yoki 02BC yozing. macOS da oʻzbek lotin klaviaturasi yoʻq. |
| HTML | ʻ · ʼ |
| Ipak shriftlari | Klaviaturadagi ' yoki ‘ ni oʻzbekcha matnda oʻzi ʻ yoki ʼ qilib koʻrsatadi (pastda). |
2026-yilgi qonun
2026-yilgi qonun Oʻ va Gʻ oʻrniga Ö va Ğ harflarini kiritadi (shuningdek Sh → Ş, Ch → Ç). Shunda ʻ belgisi harflardan chiqadi, tutuq ʼ esa qoladi: alifbo «28 ta harf va bitta apostrof»dan iborat boʻladi.
Senat qonunni 2026-yil 10-sentabrda maʼqulladi. U Prezident imzolagani va rasman eʼlon qilinganidan keyin kuchga kiradi. Shu paytgacha Oʻ va Gʻ ʻ belgisi bilan yoziladi.
Ipak shriftlarida
Ipak shriftlarida ikkala belgi ham chizilgan va ular bir-biridan shakli bilan farq qiladi: ʻ — pastda ogʻir, ʼ — tepada ogʻir. ʻ oʻz harfiga yaqin turadi, keyingi harf esa oddiy oraliqda: belgi Oʻ va Gʻning bir qismi boʻlib oʻqiladi.
Klaviaturada ' yoki ‘ terilsa, Ipak shriftlari matn oʻzbekcha deb belgilanganda ularni ʻ yoki ʼ qilib koʻrsatadi. Matnning oʻzida terilgan belgi qoladi, shuning uchun hujjat va saytlarda U+02BB va U+02BC ni terish ishonchliroq.
Manbalar
- Oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalari (VM 339-son qarori, 24.08.1995): lex.uz/docs/-1625271 · kirill
- Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisida qonun (1993, 1995-yil tahriri): lex.uz/docs/-112286
- 2026-yilgi qonun: Senat, 10.09.2026: kun.uz · gazeta.uz
- Unicode NamesList (U+02BB, U+02BC): unicode.org · CLDR uz: github.com/unicode-org/cldr
- Microsoft: Unicode belgilarini kiritish